Blog Details

2019 yildan boshlab barcha Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun hujjat topshirish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonida belgilangan.
Hozirda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan vakolatli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda Hukumatning tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilishi bilan bir qatorda zaruriy choralar ham koʻrilib borilmoqda.
Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tajriba tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat test markazi va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda abituriyentlardan oʻqishga kirish boʻyicha hujjatlarni 201 ta tuman va shaharlarda faoliyat olib brayotgan DXM orqali qabul qilish amaliyoti joriy etildi.
Ushbu yangilik amaliyotda oʻzining quyidagi ijobiy jihatlarini koʻrsatdi:
– hujjat topshirish jarayonida ortiqcha qogʻozbozlikdan voz kechildi;
– har bir abituriyentga oʻzining tumani yoki shahri, shuningdek oʻzi xohlagan hududdan hujjat topshirish imkoni yaratildi;
– ularning qimmatli vaqti tejaldi;
– abituriyentlarning hududlardan ovora boʻlib poytaxtga kelish oqimi keskin kamaydi — ularning ortiqcha sarf-harajatlarini oldini oldi;
– hujjat topshirish jarayoniga bir necha soat yoki kun emas balki 15-20 daqiqa kifoya qildi;
– abituriyent hujjat topshirganidan soʻng hujjatlarning asli uning oʻzida qoldi;
– universitet tomonidan faqat oʻqishga kirgan talabalarning hujjatigina ularning oʻzidan qabul qilinib, oliy taʼlim muassasa qabul komissiyasi va arxivida ortiqcha hujjat aylanmasini keskin kamaytirdi.
Eslatib oʻtamiz, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun hujjat topshirish boʻyicha davlat xizmatini tumanlardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi abituriyentlarga Toshkent shahridagi va respublikaning istalgan hududida joylashgan oliy taʼlim muassasasiga oʻzining tumanidan chiqmasdan turib hujjat topshirish, shuningdek onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hujjat topshirish imkoniyatini yaratadi.
OʻzA
Share: